Yangiliklar

Rossiya va Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘yicha 500 mln yevrolik shartnoma imzoladi

Shartnoma 2025-yil dekabrda Moskvada tuzilgan
Rossiya va Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘yicha 500 million yevrolik maxfiy shartnoma imzoladi - FT
Foto: Alexander Kazakov/Pool/AFP/ Getty images

Rossiya va Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘yicha 500 mln yevrolik maxfiy shartnoma imzolagani aytilmoqda. Bu haqda Financial Times nashri ma’lum qildi.

Nashrga ko‘ra, kelishuv Eron havo mudofaasini tiklashga qaratilgan. Shartnoma 2025-yil dekabrda Moskvada tuzilgan. Unga binoan, Rossiya Eronga 500 ta «Verba» ko‘chma zenit majmuasi va 2,5 mingta 9M336 raketasini yetkazib beradi. Yetkazib berish 2027 – 2029-yillarga mo‘ljallangan.

«Verba» yelkada olib yuriladigan raketa tizimi hisoblanadi. U qanotli raketalar, past uchuvchi samolyotlar va dronlarga qarshi ishlatiladi. Tizim infraqizil boshqaruvga ega.

Majmua kichik mobil guruhlar tomonidan boshqariladi. U statsionar radar tizimlariga bog‘liq emas. Shu sabab u zarbalarga nisbatan bardoshliroq hisoblanadi.

Kelishuv tafsilotlari AQSh prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqqa katta harbiy kuch jamlayotgan paytda oshkor bo‘lgan. Vashington Tehronni yadroviy dasturini cheklashga chaqirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir dona 9M336 raketasi 170 ming yevro turadi. Uchirish qurilmasi esa 40 ming yevroga baholangan. Bitimga 500 ta tungi ko‘rish moslamasi ham kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp Eronni yadro dasturi bo‘yicha tezkor kelishuvga chaqirgani haqida yozgan edi.