Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Belarus Bosh vazirini qabul qildi

Aleksandr Turchinni
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 24-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Aleksandr Turchinni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va ezgu tilaklari yetkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tomonlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy hamkorlikda yuqori sur’atlar qayd etildi. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshib, qariyb $1 milliardga yetgani ta’kidlandi.

Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish orqali iqtisodiy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish muhim ekani qayd etildi.

Shuningdek, hududlararo aloqalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Sankt-Peterburgda bolani qutqargan o‘zbekistonlikni «Jasorat» medali bilan mukofotlagani haqida yozgandi.