
O‘zbekistonlik 41 yoshli ayol internet orqali tanishgan erkakka ishonib, $290 ming yo‘qotdi. Gumonlanuvchi Turkiya fuqarosi, 26 yoshli Ahmad Uzmen ekani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak ayol bilan internet orqali tanishib, sevgi va nikoh va’dalari bilan uning ishonchiga kirgan. U birga yashash va baxtli oila qurish rejalari haqida gapirib, kuchli hissiy aloqa o‘rnatgan.
Dastlab u ayoldan $3,5 ming so‘rab, kelajakda birga yashaydigan uy uchun mebel xarid qilishini aytgan. Keyinroq yangi uy sotib olish bahonasida yana $30 ming talab qilgan.
Ikki oy o‘tib ular shaxsan uchrashgan. Erkak o‘zini 35 yoshda deb tanishtirgan, aslida esa u 26 yoshda bo‘lgan. U munosabat davomida turli bahonalar bilan muntazam ravishda pul so‘rab kelgan.
Natijada ayol o‘zini «sevgan inson» deb tanishtirgan shaxs tomonidan aldanganini, firibgarlik sodir bo‘lganini tushungan. Ayol unga jami $290 ming o‘tkazib bergan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda kelinning uyini $240 mingga sotib yuborgan boʻlajak kuyov 9 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi. Sud hukmida aytilishicha, Rismatov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (juda koʻp miqdorda firibgarlik) boʻyicha aybli deb topilgan.