Yangiliklar

Yosh oilalarga ipoteka kreditining 14 foizdan oshgan qismi qoplab beriladi

Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi
Yashil ipoteka: yangi bosqichga o‘tish
Foto: depositphotos

Yosh oilalar uchun ipoteka kreditining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.

«Yosh oilalar uchun eng avvalo nima kerak? Albatta, qulay va shinam uy-joy zarur. Shuni hisobga olib, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasini 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab beriladi», — dedi prezident.

Shuningdek, «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish» jamg‘armasi orqali iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtmalar beriladi va ularga bir yil davomida har oy 20 mln so‘mdan to‘lov amalga oshiriladi.

Eng yaxshi xorijiy asarlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotlarni esa xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatlarining yarmi qoplanadi. Yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat kitoblar to‘plami tayyorlanib, barcha maktab va texnikumlarga yetkaziladi. Maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 mln so‘mdan mukofot beriladi.

Bundan tashqari, kutubxona, book cafe va kitob do‘konlari ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotgan tadbirkorlarga uch yil muddatga 1 mlrd so‘mgacha 7 foizli ssuda ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng yaxshi 40 ta startapga 2 mlrd so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi.