Gadjetlar

Alexa+ yordamchisi ohangini o‘zgartirish funksiyasi joriy qilindi

Uchta uslub taqdim etildi
Alexa+ yordamchisi ohangini o‘zgartirish funksiyasi joriy qilindi / Foto: Amazon

Amazon kompaniyasi foydalanuvchilarga Alexa+ SI yordamchisining javob berish ohangini o‘zgartirish imkonini beruvchi yangi funksiyani ishga tushirdi. Bu haqda Tech Crunch ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, kompaniya uchta yangi shaxsiyat uslubini taqdim etdi: Brief, Chill va Sweet. Brief uslubida Alexa qisqa va bevosita javob beradi, Chill uslubida esa u do‘stona va tinch ohangda javob beradi. Sweet uslubini yoqish yordamchini iliq va rag‘batlantiruvchi ohangda javob berishga moslaydi.

Foto: Amazon

Amazonning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uslublar ifodalilik, hissiy ochiqlik, rasmiylik, bevosita javob berish va hazil darajasi kabi besh asosiy xususiyat asosida ishlab chiqilgan. Masalan, Brief uslubi nafaqat qisqa, balki bevosita, rasmiy bo‘lmagan va minimal hazil ishlatadigan javoblarni beradi.

Foydalanuvchilar Alexa uslubini qurilmadagi Echo karnayiga gapirib yoki Alexa ilovasidagi «Device Settings» bo‘limidan Personality Style parametrini tanlash orqali o‘zgartira oladi.

Hozirda yangi uslublar faqat AQSh bozorida mavjud bo‘lib, kelajakda boshqa yangi uslublar joriy etilishi ham rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amazon nashriyotlar uchun SI kontent marketpleysini ishga tushirayotgani haqida xabar qilgan edik.