AQSh O‘zbekiston fuqarosini Rossiyaga aloqador sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

AQSh O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Mamashoyevni Rossiyaga aloqador sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ma’lum qildi. Yangilangan ro‘yxatga to‘rt nafar jismoniy shaxs va uchta kompaniya kiritilgan.
AQShning da’volari nimalardan iborat?
AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Azizjon Mamashoyev rossiyalik xakerlar Sergey Zelenyuk va Oleg Kucherov bilan birgalikda AQSh kiberxavfsizligiga qarshi operatsiyalarda ishtirok etgan. Ular dasturiy ta’minotdagi zaifliklar savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinmoqda.
OFAC hujjatlarida Mamashoyevning to‘liq ismi Azizjon Mahmudovich Mamashoyev sifatida keltirilgan. Tug‘ilgan sanasi 1987-yil 20-fevral, manzili esa Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi 60-uy deb ko‘rsatilgan.

Unga nisbatan CAATSA doirasida Rossiyaga aloqador sanksiyalar ham qo‘llanmoqda. Hujjatlarda uning O‘zbekiston fuqarosi ekani, pasport va shaxsiy identifikatsiya ma’lumotlari ham qayd etilgan.
Kompaniyalar ham ro‘yxatda
Sanksiyalar ro‘yxatiga BAAda ro‘yxatdan o‘tgan Advance Security Solutions va Special Technology Services LLC FZ kompaniyalari kiritildi. Advance Security Solutions kompaniyasi Azizjon Mamashoyevga tegishli deb ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Rossiyada faoliyat yurituvchi MATRIX LLC kompaniyasiga ham cheklovlar joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi qariyb 300 ta yangi sanksiyani e’lon qilgani haqida yozgan edi.