
Xitoy bozorida savdolar sust kechayotgani sababli Audi E5 Sportback elektromobilining narxi $4,35 mingga tushirildi. CarNewsChina’ga ko‘ra, endi model 31-martgacha qariyb $29,9 mingdan sotiladi.
E5 Sportback 2025-yilda taqdim etilgan va Advanced Digitised Platform asosida ishlab chiqilgan. Model dastlab $34,3 ming–$46,5 ming oralig‘ida sotuvga chiqarilgan edi. Biroq Xitoyda talab kutilgan darajada bo‘lmadi. Shundan so‘ng kompaniya chegirma dasturini ishga tushirdi.

Natijada yangi narx $30 ming – $42,1 ming oralig‘iga tushdi. O‘lchamlari 4881×1960×1579 mm, g‘ildirak bazasi 2950 mm. Model orqa yoki to‘liq tortish tizimida taklif etiladi. Quvvati 220 kVtdan 579 kVtgacha, ya’ni 295 – 776 ot kuchiga teng. 76, 83 va 100 kVt soatli uch xil batareya varianti mavjud. CLTC bo‘yicha yurish zaxirasi 618 – 773 kmni tashkil etadi. Ayrim versiyalarda havo osmasi va yon ko‘zgular o‘rniga kameralar qo‘llanilgan.

Mutaxassislar narx pasaytirilishi savdoni jonlantirishga qanchalik yordam berishini hozircha aniq baholamayapti. Xitoydagi dilerlar esa rentabellik muammolari saqlanib qolayotganini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Audi kompaniyasining Audi A2 e-tron elektromobilining ichki ko‘rinishi namoyish etilgandi. Salon yangi Audi Q3’ga juda o‘xshaydi. Old panelda egri shakldagi raqamli haydovchi displeyi va markaziy sensorli ekran birlashtirilgan.