Bentley ayollar uchun maxsus modelni atigi 10 ta nusxada namoyish qildi — foto

25-fevral 2026 20:30 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: ITHome

Bentley Yaponiya bozori uchun ayol xaridorlarga mo‘ljallangan Bentayga krossoverining maxsus Something Blue Collection by Mulliner talqinini taqdim etdi. Model atigi 10 dona miqdorda cheklangan seriyada ishlab chiqariladi.

Foto: ITHome

Mazkur avtomobil brendning individual buyurtmalar bilan shug‘ullanuvchi Bentley Mulliner bo‘limi tomonidan yaratilgan. Dizaynda hashamat va nafislik uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, loyiha nomi Viktoriya davriga oid Something Four to‘y an’anasidan ilhomlangan. Unga ko‘ra, kelin omad uchun to‘yda eski, yangi, qarzga olingan va ko‘k rangli buyum taqishi kerak. Ushbu urf Yaponiyada ham mashhur.

Foto: ITHome

Maxsus Bentayga Ice deb nomlangan metallik oq rangda bo‘yalgan bo‘lib, ma’lum yorug‘likda yengil moviy jiloga ega. Avtomobil 22 dyuymli kumush rang disklar bilan jihozlangan, tormoz kaliperlari esa kuzov rangiga moslashtirilgan.

Foto: ITHome

Salon qismida ko‘k rangli bezaklar qo‘llanilgan. O‘rindiq suyanchig‘ida Bentley logotipi ko‘k ip bilan tikilgan, old panelda esa ko‘k gullar naqshi mavjud. Interyerning asosiy qismi zig‘ir rang va grafit tusdagi charm kombinatsiyasida bajarilgan. Rul, eshik panellari yuqori qismi, old panel hamda multimedia tizimi atrofi kulrang elementlar bilan bezatilgan. Shuningdek, Something Blue Collection yozuviga ega eksklyuziv kirish ostonalari o‘rnatilgan.

Model Tokiodagi Ooyane Plaza maydonida namoyish etildi. Boshlang‘ich narxi 34 million iyena bo‘lib, bu taxminan $225 mingga teng. 10 dona avtomobilning bir qismi taqdimotdan oldinoq sotib bo‘lingan.

Texnik jihatdan krossover 4,0 litrli ikki turbinali V8 dvigatel bilan jihozlangan. U 542 ot kuchi va 770 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi, 0 dan 100 km/soat tezlikka 4,5 soniyada chiqadi va maksimal tezligi 290 km/soatni tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bentley kompaniyasi Continental’ning to‘rtinchi avlodi asosida yaratilgan yangi Continental 2027 GT S modelini rasman namoyish qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek