Bloger shaffof korpusli iPhone Air modelini yaratdi

Linzin YouTube kanali blogeri iPhone Air smartfonini sezilarli darajada o‘zgartirib, unga shaffof korpus va fizik nano-SIM karta o‘rnatdi.
Loyiha muallifi lazer yordamida smartfonning orqa shishasidagi shaffof bo‘lmagan qoplamani to‘liq olib tashlagan. Natijada akkumulyator, asosiy plata, MagSafe g‘altagi va boshqa elektron komponentlar tashqaridan ko‘rinadigan holatga kelgan.

Fizik nano-SIM karta uyasini qo‘shish texnik jihatdan ancha murakkab jarayon bo‘lib chiqdi. Buning uchun korpusning quyi qismida maxsus teshik ochildi va joy bo‘shatish maqsadida original Taptic Engine vibratsiya motori ixchamroq muqobiliga almashtirildi. SIM-modul mikropayka usuli yordamida bevosita asosiy plataga ulandi.

Biroq bunday o‘zgartirishlar qurilmaning texnik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, smartfon namlikdan himoya qilish xususiyatini yo‘qotgan, issiqlik tarqalishi yomonlashgani sababli tezroq qizib keta boshlagan va rasmiy kafolatdan butunlay mahrum bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Caviar oltindan yasalgan iPhone Air modelini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.