Avto

Chevrolet Blazer eng qoniqarsiz elektromobil sifatida baholandi

Ommaviy segmentda eng yuqori natijani Ford Mustang Mach-E 760 ball bilan qayd etdi
Chevrolet Blazer eng qoniqarsiz elektromobil sifatida baholandi
Foto: GM Authority

J.D. Power’ning 2026-yil uchun AQSh bo‘yicha EV Experience Study tadqiqotida Chevrolet Blazer EV past natija qayd etdi. Model 1000 ballik tizimda 711 ball to‘pladi. Bu ko‘rsatkich ommaviy segment o‘rtacha natijasi bo‘lgan 727 balldan ancha past.

Reytingda Blazer EV Chevrolet Equinox EV (722 ball) va Honda Prologue (623 ball) oralig‘ida joylashdi. Uchala model ham General Motors’ning BEV3 platformasida ishlab chiqilgan. Bu esa muammo faqat bitta modelga emas, balki butun platformaga taalluqli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Rasmiy saytdan ekran tasviri

Ommaviy segmentda eng yuqori natijani Ford Mustang Mach-E 760 ball bilan qayd etdi. Undan keyin Hyundai IONIQ 6 748 ball va Kia EV9 745 ball oldi.

J.D. Power ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda elektromobillar egalarining qoniqish darajasi tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan. So‘rovda qatnashganlarning 96 foizi yana elektromobil sotib olish yoki ijaraga olishni o‘ylab ko‘rishini bildirgan. Jamoat zaryadlash tarmoqlari sifati ham sezilarli yaxshilangan.

Foto: GM Authority

Shunga qaramay, Blazer EV bu ijobiy tendensiyadan foydalana olmadi. Tadqiqotda yurish masofasi aniqligi, foydalanish xarajatlari, haydash zavqi va sifat kabi 10 ta omil baholangan. Past ball egalar ayrim jihatlardan norozi ekanini ko‘rsatadi.

Consumer Reports ma’lumotiga ko‘ra, ayrim foydalanuvchilar batareya, iqlim nazorati tizimi va multimedia elektronikasida nosozliklar haqida shikoyat qilgan.

Chevrolet Blazer EV ommaviy bozor uchun mo‘ljallangan model sifatida taqdim etilgan. Biroq raqobatchilar kuchayib borayotgan bir paytda kompaniya xaridorlarni ishontirish uchun qo‘shimcha sa’y-harakat qilishi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Equinox elektromobilidagi muammo hal etilgani haqida xabar berilgandi. Muammo old oyoq joylariga suv sizishi bilan bog‘liq edi. So‘nggi oylarda egalari salonda suv tovushi va nam gilamdan shikoyat qilgan. Endi kompaniya dilerlarga aniq ko‘rsatma berdi.