
General Motors (GM) 2024–2025-yillardagi Chevrolet Equinox elektromobillari uchun rasmiy servis yangilanishini e’lon qildi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.
Muammo old oyoq joylariga suv sizishi bilan bog‘liq edi. So‘nggi oylarda egalari salonda suv tovushi va nam gilamdan shikoyat qilgan. Endi kompaniya dilerlarga aniq ko‘rsatma berdi.
Muammo ikki sababga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Birinchisi, HVAC tizimidagi drenaj trubkasi bulkheaddan ajralib ketishi. Ikkinchisi esa pol ostidagi korpus choklaridagi germetik qatlamda bo‘shliq paydo bo‘lishi.

Ta’mirlash jarayoni oddiy emas. Usta gilamni ko‘taradi va choklarni tekshiradi. Zarur bo‘lsa, choklar qayta germetik bilan yopiladi. Agar gilam nam bo‘lsa, u to‘liq quritiladi. Bu hid va mog‘or paydo bo‘lishining oldini oladi.
Yo‘lovchi tomonda oqish aniqlansa, ichki plastiklar va eshik tagi qoplamalari olinadi. Hatto tormozning elektron boshqaruv moduli kronshteyni ham yechilishi mumkin. Tekshiruv paytida suv quyib sinov o‘tkaziladi.

Kompaniya ta’mirlash uchun alohida detal talab qilinmasligini ma’lum qilgan. Dilerlar mavjud mijozlarni alohida chaqirmaydi. Tekshiruv va ta’mir rejalashtirilgan servis vaqtida amalga oshiriladi. Ammo sotilmagan avtomobillar yetkazib berilishidan oldin darhol tuzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Gentra 2026 O‘zbekistonda ishlab chiqarilmasligi haqida yozgan edi.