Dunyoning 50 dan ortiq shahrida o‘zbekistonliklar uchun iftorliklar tashkil qilinadi

Ramazon oyi munosabati bilan xorijdagi vatandoshlar uchun keng ko‘lamli iftorlik tadbirlari tashkil etilmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibiga ko‘ra, bu yil iftorliklar 10 ta mamlakat va 50 dan ortiq shaharni qamrab oladi.
Tadbirlar chet elda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashayotgan o‘zbekistonliklarni birlashtirishga qaratilgan. Iftorliklar Makka va Madina, Seul, Istanbul, Anqara, Qohira, Ammon, Kuala-Lumpur, Vashington, Nyu-York va Toronto shaharlarida o‘tkaziladi. Rossiyaning 20 ta, AQShning 10 ta shahrida ham tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, AQShning 6 ta shahrida jami 15 ta iftorlik tashkil etiladi.

Shuningdek, vatandoshlar homiyligida Dallas, Filadelfiya, Orlando, Vashington, Makka, Novosibirsk, Tomsk va Yekaterinburg shaharlarida ham qo‘shimcha iftorliklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Tadbirlar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi elchixonalar va konsulliklar orqali, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Ramazonda suvsizlanishning oldini qanday olish mumkinligi haqida yozgandi. Unga ko‘ra, saharlikdan keyin 250 – 300 ml suv ichish tavsiya etiladi. Bu organizmga ro‘za davomida zarur bo‘lgan zaxira suyuqlikni beradi.
Hududlar kesimida saharlik va iftorlik vaqtlaridagi farqni @fatvouz_taqvim_bot telegram boti orqali aniqlash mumkin. Bot orqali yashash hududingizni tanlab, aniq vaqtlarni bilish imkoni mavjud.