Feruza Eshmatova Ombudsman lavozimiga saylandi

Feruza Eshmatova Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) etib saylandi. Bu haqda Quyi palata matbuot xizmati Telegram kanalida ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 16-bandiga hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq Feruza Eshmatova nomzodi ilgari surilgan.
Majlis davomida deputatlar nomzod bilan savol-javob o‘tkazib, muhokamalar olib borilgan.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Feruza Eshmatova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, ya’ni Ombudsman lavozimiga saylandi.
Ma’lumot uchun, Feruza Eshmatova 2015-yilda O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining III chaqiriq deputati etib saylangan. 2020-yilda Oliy Majlis Senatining IV chaqiriq a’zosi etib saylangan hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasiga rahbarlik qilgan.
2021-yil 15-yanvarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) lavozimiga saylangan. 2021-yil 5-fevralda Senat uning nomzodini tasdiqlagan edi. Ombudsman 5 yil muddatga saylanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi davlat dasturida tasdiqlangani haqida yozgan edi.