Filippin Telegram messenjerini bloklash masalasini muhokama qilmoqda

Filippin hukumati mamlakat hududida Telegram messenjerini cheklash yoki to‘liq bloklash ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat Axborot va kommunikatsiyalar texnologiyalari vaziri Genri Aguda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, platforma noqonuniy qimor o‘yinlari, pornografik materiallar tarqatish, dipfeyk texnologiyalari hamda moliyaviy firibgarlik sxemalarining kengayishiga xizmat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Vazirning ta’kidlashicha, ayrim noqonuniy faoliyat turlari boshqa maydonlardan aynan Telegram’ga ko‘chgan.
Genri Aguda vazirlik Pavel Durov asos solgan kompaniya rahbariyati bilan hamkorlik o‘rnatishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini bildirgan. Bu esa messenjer doirasida milliy qonunchilik talablarini qo‘llashni murakkablashtirmoqda.
Shu bilan birga, rasmiylar boshqa internet platformalari bilan ham noqonuniy kontent va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yuzasidan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan. Vazirning aytishicha, agar platformalarda bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya yoki zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar aniqlansa, keskin choralar ko‘riladi.
Shuningdek, departament so‘nggi paytlarda dipfeyk texnologiyalari va onlayn moliyaviy firibgarlik holatlari ortib borayotganidan xavotir bildirgan. Ayniqsa, shubhali mahsulotlar savdosi orqali yoshi katta fuqarolar ko‘proq jabrlanayotgani qayd etildi.
Hozircha messenjer taqdiri bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pavel Durovga nisbatan jinoiy ish ochilgani aytilayotgani haqida yozgandi.