Avto

GM kompaniyasining uchta avtomobilida muammo kuzatildi

Kompaniya fevral oyida chiqarilgan PIP6102 raqamli dastlabki servis byulletenida muammo hali muhandislar tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qilgan
GM kompaniyasining uchta avtomobilida muammo kuzatildi
Foto: Depositphotos

General Motors (GM) kompaniyasining Chevrolet Traverse, GMC Acadia va Buick Enclave avtomobillarida muammo kuzatildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, gap ularning ayrim 2024–2026 model yillariga oid nusxalari haqida bormoqda. Kompaniya fevral oyida chiqarilgan PIP6102 raqamli dastlabki servis byulletenida muammo hali muhandislar tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Byulleten ko‘rsatilgan model yillaridagi barcha VIN-raqamli avtomobillarni qamrab oladi. Bu esa tekshiruv aniq bir ishlab chiqarish davri bilan cheklanmaganini anglatadi.

Foto: GMAutority

Muammo 2,5 litrli turbo I4 LK0 benzin dvigateli bilan jihozlangan va MF8 sakkiz pog‘onali avtomat uzatma bilan ishlaydigan versiyalarda kuzatilgan. Mazkur LK0 agregati 2024 model yilidan boshlab joriy etilgan va GM krossoverlarida ilgari qo‘llangan 3,6 litrli V6 LFY hamda LGX motorlar o‘rnini bosgan.

Byulleten ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim mijozlar masofaviy ishga tushirish funksiyasidan foydalangandan so‘ng yoki avtomobilni sovuq havoda qizdirib, keyin harakatni boshlaganda dvigatel o‘chib qolganini bildirgan. Ba’zi holatlarda muammo ilk bor Drive yoki Reverse rejimiga o‘tgandan keyin yuzaga kelgan.

Foto: GMAutority

Hozircha kompaniya yakuniy texnik xulosa bermagan. Bu dastlabki servis xabarnomasi bo‘lgani sababli, rasmiy ta’mirlash tartibi yoki ehtiyot qismlar almashinuvi e’lon qilinmagan. Dilerlarga esa mijozlarga muammo ustida ish olib borilayotgani haqida ma’lumot berish tavsiya etilgan.

Vaqtinchalik yechim sifatida dvigatel o‘chib qolsa, avtomobilni qayta ishga tushirish tavsiya etilmoqda. Shundan so‘ng mashina odatdagidek ishlashi qayd etilgan.

GM’ning mazkur krossoverlari kompaniyaning AQSh va Kanada bozoridagi asosiy oilaviy modellari hisoblanadi. Tekshiruv natijalari e’lon qilingach, qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri yangi Chevrolet Gentra 2026 O‘zbekistonda ishlab chiqarilmasligi haqida yozgan edi.