
Google Wear OS qurilmalari foydalanuvchilarini endi telefondan uzilgan hollarda ham zilzila haqida ogohlantiradi. Kompaniya eng so‘nggi Google Play Services yangilanishida ushbu imkoniyatni taqdim etdi.
O‘tgan yili Google Androidning zilziladan ogohlantirish tizimini Wear OS soatlariga joriy qilgan edi, ammo ilgari bu faqat telefondagi ogohlantirishni soatga takrorlash bilan cheklangan edi. Endilikda esa telefon soatdan uzoqda bo‘lsa ham, soat mustaqil ravishda zilzilalardan ogohlantiradi. Buning uchun soat alohida internet aloqasiga ega bo‘lishi lozim, ya’ni bu imkoniyat mobil ma’lumot ulanishi mavjud soatlar uchun amal qiladi.

Zilziladan ogohlantirish tizimi millionlab telefonlardan olingan sensor ma’lumotlarini yig‘ib, zilzila sodir bo‘lishini aniqlaydi. Telefon akselerometri titrashni sezsa, u ushbu ma’lumotni umumiy joylashuv bilan Google serverlariga yuboradi. Bir joydan ko‘p shunday xabarlar kelganda tizim avtomatik ravishda ogohlantirish yaratadi. Hozircha Google Wear OS soatlarining sensor ma’lumotlaridan tizimda foydalanish rejasi bor-yo‘qligi noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Gemini ilovasiga SI orqali musiqa yaratish funksiyasini qo‘shgan edi.