
Hindistonning Dehli shahridagi Jamiya Milliya Islomiya (JMI) universitetida o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha to‘rt yillik bakalavriat dasturi ishga tushirilmoqda.
1920-yilda tashkil etilgan JMI universiteti reytinglarga ko‘ra, mamlakatning eng yaxshi 3 ta oliy o‘quv yurti qatoriga kiradi. Universitetda 2004-yildan buyon O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida o‘zbek tili kurslari faoliyat yuritib kelgan. Biroq shu vaqtga qadar talabalar faqat bir yillik sertifikat va diplom dasturlarida o‘qish imkoniyatiga ega edi.

Dastur doirasida hind yoshlari o‘zbek filologiyasi va madaniyatini chuqur o‘rganib, kelajakda malakali tarjimon va sharqshunoslar sifatida yetishib chiqadi. Ushbu universitetning ikkita o‘quv binosi tarixiy mutafakkirlar — Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan ataladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ozarbayjonda O‘zbek tili va adabiyoti markazi ochilgani haqida xabar bergan edi.