Avto

Leapmotor A10 avtomobilining ichki qismi namoyish etildi

Model Xitoy bozorida birinchi chorakda sotuvga chiqadi
Leapmotor A10 ichki qismi namoyish etildi
Foto: Leapmotor

Leapmotor yangi ixcham Leapmotor A10 modelining rasmiy interyer suratlarini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, model Xitoy bozorida birinchi chorakda sotuvga chiqib, xalqaro nomi B03X bo‘ladi. Salon dizayni soddaligi bilan ajralib turadi. Old panel to‘g‘ri chiziqli qilib ishlangan. Haydovchi oldida 8,88 dyuymli to‘liq raqamli panel joylashgan. Markazda esa 14,6 dyuymli 2,5K o‘lchamdagi multimedia ekrani bor.

Foto: Leapmotor

Modelda yoritish, simsiz quvvatlash joyi va ikki stakan ushlagich mavjud. Sun’iy intellekt yordamchisi Alibaba’ning Qwen platformasi asosida ishlaydi. Bu tizim inson va avtomobil o‘rtasidagi muloqotni soddalashtiradi.

Tashqi ko‘rinishda kompaniya Tech Natural Aesthetics 2.0 uslubidan foydalangan. Old qismi yopiq panjara va ko‘pburchak faralar bilan bezatilgan. Yon tomonda yarim yashirin eshik tutqichlari qo‘llangan. Xaridorlar olti xil kuzov rangini tanlashi mumkin.

Foto: Leapmotor

A10 uzunligi 4270 mm, eni 1810 mm, balandligi 1635 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2605 mmga teng. Avtonom haydash imkoniyatlarini kengaytirish uchun lidar ham mavjud.

Foto: Leapmotor

Dvigatel maksimal 90 kW quvvat ishlab chiqaradi. Batareyaning ikki varianti taklif etiladi. 39,8 kVt/soat sig‘imli versiya 403 km, 53 kVt/soatli versiya esa 505 km masofani CLTC sikli bo‘yicha bosib o‘tadi. Tezkor quvvatlashda batareya 30 foizdan 80 foizgacha 16 daqiqada to‘ldiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Leapmotor A10 qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.