Fan

Mushuklar egasiga qanchalik bog‘langan — tadqiqoti natijalari

25-fevral 2026 08:20 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
mushuklar
Foto: Getty Images

Vengriyadagi Budapesht universiteti olimlari mushuklarning insonlarga emotsional bog‘liqligi haqida qiziqarli tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot xulosalari haqida The Independent nashri ma’lum qilgan, deya xabar berdi Afisha Daily.

Tajriba davomida 15 ta terapevtik mushuk va 13 ta oddiy uy mushugi ishtirok etgan. Terapevtik mushuklar ataylab tanlangan — ular turli joylarga borishga o‘rgangan bo‘lgani sababli, notanish muhitdagi stress natijalarga ta’sir qilmasligi kerak edi. Mushuklar alohida xonaga joylashtirilib, ularning egasi va begona odamga nisbatan reaksiyasi kuzatilgan.

Natijalarga ko‘ra, terapevtik mushuklar egasi va notanish kishiga deyarli bir xil darajada do‘stona munosabat bildirgan. Oddiy uy mushuklari esa na egasiga, na begona odamga sezilarli darajada alohida reaksiya ko‘rsatmagan. Olimlar har ikki guruhda ham egaga nisbatan aniq bog‘lanish belgilarini aniqlamaganini ta’kidlagan.

Tadqiqot rahbari, doktor Peter Pongrácz fikricha, mushuklar inson bilan qaramlikka asoslangan aloqani shakllantirishga biologik ehtiyoj sezmaydi. Uning aytishicha, itlar xonakilashtirish jarayonida insonga qaram bo‘lib qolgan va ular bilan bola–ota-ona tipidagi bog‘lanish yuzaga kelgan. Mushuklar esa mustaqil yirtqich sifatida qolgan va inson bilan ko‘proq teng sherik tarzida yashaydi.

Avval shunga o‘xshash tajriba itlar bilan ham o‘tkazilgan va ularda egasiga kuchli bog‘liqlik modeli mavjudligi aniqlangan. Masalan, itlar egasi yonida yaqin masofada yurishga intiladi, unga qarab turadi va birga o‘ynashga faol javob beradi.

Olimlar ta’kidlashicha, mushuklar inson bilan muvaffaqiyatli va o‘zaro manfaatli hayot kechiradi, biroq bu aloqa klassik emotsional qaramlik shaklida emas, balki mustaqillikka asoslangan munosabatdir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fransiyada mushuk 5 oy ichida 250 km yo‘l bosib uyiga qaytgani haqida yozgandi.

Shuningdek