
Nio kompaniyasi o‘zining Nio ES9 modelini Xitoy bozorida 1-iyundan boshlab mijozlarga yetkazib berishni boshlaydi. Bu haqda kompaniya prezidenti Sin Lixon Nio bahor festivalida ma’lum qildi.
Modelning rasmiy taqdimoti 10-aprelga rejalashtirilgan. Sotuvlar may oyida start olishi kutilmoqda. ES9 yanvar oyida Xitoyda savdo litsenziyasi uchun ariza topshirgan va asosiy texnik ko‘rsatkichlari ochiqlangan edi. Avtomobil Ichki Mongoliyadagi Yakeshi hududida qishki sinovlardan ham o‘tgan.
Yangi ES9 ilgari taqdim etilgan Nio ET9 sedanidan barcha asosiy texnologiyalarni oladi. Jumladan, steer-by-wire boshqaruv tizimi, 900 voltli yuqori kuchlanishli platforma hamda aktiv osma tizimi qo‘llaniladi. Model turli komplektatsiyalarda, jumladan nisbatan arzon boshlang‘ich versiyada ham taqdim etiladi.
Texnik tavsiflar

ES9 to‘liq o‘lchamli SUV bo‘lib, uzunligi 5365 mm, eni 2029 mm, balandligi 1870 mm. G‘ildirak bazasi 3250 mmni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, u Cadillac Escalade modelidan atigi 17 mm qisqaroq, biroq g‘ildirak bazasi 179 mmga uzunroq. Avtomobilning og‘irligi 2915 kgga yetadi. 6 va 7 o‘rindiqli variantlar taklif qilinadi.
Krossover ikki motorli to‘liq privod tizimiga ega. Maksimal quvvat 520 kVt (697 ot kuchi). Maksimal tezligi 220 km/soatga yetadi. Nio‘ning boshqa modellari kabi ES9 ham batareya almashtirish (battery swap) texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Avtomobil 102 kVt/soat sig‘imdagi batareya bilan jihozlanadi. CLTC standartiga ko‘ra, bir zaryad bilan 580 km, 600 km yoki 620 km masofani bosib o‘tish imkoniyati mavjud.
Narx va pozitsiya

Model narxi hali rasman e’lon qilinmagan. Xitoy nashrlariga ko‘ra, boshlang‘ich narx taxminan 500 ming yuan ($72 ming atrofida) bo‘lishi mumkin. Bu ES9’ni brendning amaldagi bestselleri bo‘lgan ES8 III bilan ichki raqobatga kirishmaslikka yordam beradi.
Shuningdek, kompaniya aprel oyida Onvo L80 krossoverini ham taqdim etishni rejalashtirmoqda. Yangi model Pekin avtosalonida namoyish qilinishi va may oyida yetkazib berilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nio bir kunda 146 mingta batareya almashtirgani haqida yozgan edi.