Yangiliklar

Nufuzli bank amaldori 30 ming dollar miqdordagi pora bilan qo‘lga tushdi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Nufuzli bank amaldori 30 ming dollar miqdordagi pora bilan qo‘lga tushdi / Foto: DXX

O‘zbekistondagi nufuzli banklardan birining Amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlovchi mansabdor pora olayotganda ushlandi Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mansabdor xodim Toshkent viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi MChJda viloyat Soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan audit natijasida aniqlangan salkam 73 mlrd so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z tanishlari orqali bekor qilib berish evaziga $110 ming talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori kelishilgan pul mablag‘idan $30 mingini oldindan olayotgan vaqtida ashyo dalillar bilan ushlangan.

Holat bo‘yicha unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda «qamoq» ehtiyot choralari qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda hokimlik xodimi pora bilan qo‘lga tushgan edi.