Yangiliklar

Oʻzbekiston va Belarus 2030-yilgacha savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchi

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 25 foizga oshib, qariyb $1 milliardni tashkil etgan
Foto: Belarus Respublikasi Vazirlar Kengashi

Oʻzbekiston va Belarus o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 2030-yilga borib $2 milliardga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 25 foizga oshib, qariyb $1 milliardni tashkil etgan. Tomonlar mavjud salohiyatdan kelib chiqib, ushbu ko‘rsatkichni yaqin yillarda ikki barobar oshirishni maqsad qilgan.

Belarus delegatsiyasi tashrif davomida Samarqand avtomobil zavodi, SAG kompaniyalar guruhi shourumi, Toshkentdagi Servolux kompaniyasi ishlab chiqarish quvvatlari hamda Texnopark faoliyati bilan tanishdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Belarus Bosh vazirini qabul qilgani haqida yozgandi.

Tomonlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy hamkorlikda yuqori sur’atlar qayd etildi.

Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish orqali iqtisodiy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish muhim ekani qayd etildi.

Shuningdek, hududlararo aloqalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.