Yangiliklar

Oʻzbekistonda bu yil 2 mingta yuk vagonini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

Bugungi kunga qadar 45 dona yo‘lovchi vagoni va 340 dona sisterna ishlab chiqarildi
Qozog‘iston O‘zbekistondan bo‘sh vagonlar harakatini chekladi
Foto: The Greenbrier

Shavkat Mirziyoyev «Oʻzbekiston temir yoʻllari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda yuk vagonlarini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz logistika xizmatlari bilan ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

2023–2025-yillarda qiymati $105 million bo‘lgan loyiha doirasida 1590 dona yarim ochiq yuk vagoni ishlab chiqarildi.

2025–2026-yillarga mo‘ljallangan $150 millionlik yangi bosqichda yuk va yo‘lovchi vagonlari qurilishi hamda vagon ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Loyiha doirasida 954 dona yuk vagoni, 70 dona yo‘lovchi vagoni qurilishi boshlangan.

Bugungi kunga qadar 45 dona yo‘lovchi vagoni va 340 dona sisterna ishlab chiqarildi. Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha 614 dona yuk va 25 dona yo‘lovchi vagoni tayyorlanadi.

Shuningdek, yuk vagonlari ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsadida prezident tomonidan alohida qaror imzolangan. Hujjatga muvofiq, qo‘shimcha $100 million mablag‘ ajratilib, yana 1350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi.

Shu yilning o‘zida sanoat korxonalari quvvatlarini 1,5 barobarga oshirish va jami 2 mingta yuk vagonini ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahri va atrofidagi yashil hududlar 25 ming gektarga yetkazilishi haqida yozgandi.