
2024-yilgi Parij Olimpiadasi uchun tashkil etilgan «Olimpik» futbol klubining murabbiylari va o‘yinchilari 2025-yilning may oyidan buyon maosh olmayotganini bildirdi.
Ular yarim yillik qarzdorlikni undirishda yordam so‘rab O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) va Professional futbol ligasiga (O‘zPFL) videomurojaat bilan chiqdi.
Hozirda mazkur holat O‘FA tomonidan o‘rganilmoqda. Assotsiatsiya futbolchilar hamda mutaxassislarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashga va’da bergan va yaqin kunlarda jarayon natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etishini bildirgan.
«Olimpik» jamoasida ishladim va o‘tgan yilning may oyidan boshlab 5 yarim oy maosh olmadim. O‘FAga murojaatim: iltimos, oyliklarimizni hal qilib beringlar. Bizning ham bolalarimiz bor», — deya ta’kidladi klubning darvozabonlar murabbiyi Ma’mur Ikromov.
Shuningdek, futbolchi Doniyor Erkinov ham mazkur holatni tasdiqlab, 2025-yil may oyidan beri oyliklar berilmaganini aytgan. «Olimpik» loyihasi Parij Olimpiadasidan so‘ng o‘zining birlamchi missiyasini yakunlagach, jiddiy moliyaviy va sport inqiroziga yuz tutdi. 2024-yilgi Superliga mavsumini 12-o‘rinda yakunlagan jamoa 2025-yilgi mavsumni Proligada o‘tkazdi va turnir jadvalida so‘nggi o‘rinni band etdi.
Klubning yetakchi futbolchilari boshqa jamoalarga transfer qilinganidan so‘ng tarkib yoshlar bilan to‘ldirilgan edi. Moliyaviy qiyinchiliklar oqibatida klub 2025-yilning noyabr oyida Proliganing 20-turidan o‘rin olgan «FarDU» jamoasiga qarshi uchrashuv uchun Farg‘ona shahriga bora olmasligini rasman ma’lum qilgan. Natijada reglamentga asosan «Olimpik» jamoasiga 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat yozilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Qizilqum» bosh murabbiyi 20 million so‘m pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edi.