
O‘zbekistonda 2025-yil davomida ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq 44 ta holat aniqlangan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rahbariyat vakili, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida sifati kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan yoki sanitariya me’yorlariga javob bermaydigan 33 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari savdo va iste’moldan olib tashlangan.
Tahlillarga ko‘ra, iste’moldan chiqarilgan mahsulotlar orasida shakar va qandolat mahsulotlari eng katta ulushni egallagan. Shuningdek, spirtli va salqin ichimliklar, meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlari, go‘sht va go‘sht mahsulotlari ham sezilarli hajmda yo‘q qilingan.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, qayd etilgan 44 ta zaharlanish holatining 6 tasi maktabgacha ta’lim muassasalarida yuz bergan. Bundan tashqari, uy sharoitida tayyorlangan sabzavotli konservalarni iste’mol qilish oqibatida 29 ta holatda 63 nafar fuqaro jabrlangan. Ularning 17 nafari bolalar ekani alohida ta’kidlandi.
Mutasaddilar fuqarolarni uyda tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lishga, shuningdek, sifati va xavfsizligi tasdiqlanmagan oziq-ovqat mahsulotlaridan voz kechishga chaqirmoqda. Oqartirilmagan va saqlash qoidalariga rioya qilinmagan mahsulotlar salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onada bolalarning ommaviy zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi ochilgani haqida yozgandi.