
Hindistonda o‘zbek tili bo‘yicha ilk bakalavriat dasturi ochiladi, Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda yong‘in yuz berdi — 25-fevral kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Wolt O‘zbekistonni tark etmoqda
Wolt kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, platforma 2026-yil 4-martgacha ishlashda davom etadi. Qaror kompaniyaning xalqaro faoliyatini qayta ko‘rib chiqish jarayonidan so‘ng qabul qilingan. Wolt o‘z resurslarini barqaror o‘sish va uzoq muddatli rivojlanish imkoniyati yuqori bo‘lgan bozorlarga yo‘naltirishni maqsad qilgan.

DoorDash International rahbari, Deliveroo bosh direktori va Wolt hammuassisi Miki Kuusi kompaniya nomidan O‘zbekistondagi xodimlar, mijozlar, hamkorlar va kuryerlarga minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qiyin qaror, biroq kompaniya eng istiqbolli bozorlariga e’tibor qaratish orqali global miqyosda uzoq muddatli qiymat yaratishni davom ettiradi.
Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda yong‘in yuz berdi — video

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uyda yong‘in yuz berdi. Bu haqda favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda. Boshqarmaga ko‘ra, 25-fevral kuni soat 14:47 da «112» tizimi orqali Qo‘qon shahri Bo‘ston MFYdagi ko‘p qavatli uylardan birida chaqnash sodir bo‘lgani va yong‘in kelib chiqqani haqida xabar tushgan.
Qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in qisqa fursatda o‘chirilgan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tan jarohati olganlar haqida hozircha xabar kelib tushmagan.Ayni paytda qutqaruvchilar tomonidan hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi loyihalari uchun 100 mlrd so‘mlik venchur kompaniya tashkil etiladi
Qishloq xo‘jaligi loyihalari uchun 100 mlrd so‘mlik venchur kompaniya tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.

Unda davlat rahbari yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun «Aloqabank» va «Milliy bank»ka qo‘shimcha $200 mln ajratilishini ma’lum qildi. Ushbu ikki bank yoshlar bilan ishlash bo‘yicha asosiy mas’ul etib belgilandi. Barcha banklarning 30 foiz xodimi faqat yoshlar loyihalari va ularning bandligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Hokimlar va banklar hamkorlikda yoshlar bilan ishlash tizimini kuchaytiradi.
Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi va hokimlik bosh mutaxassisi korrupsiya hamda talon-toroj qilish jinoyatlarida aybdor deb topildi. Sud hukmiga ko‘ra, sobiq hokim 11 yilga, bosh mutaxassis esa 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining hukmiga ko‘ra, 1971-yilda tug‘ilgan sobiq hokim o‘zlashtirish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, pora olish va yer berish tartibini buzish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida jarima va 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Hindistonda o‘zbek tili bo‘yicha ilk bakalavriat dasturi ochilmoqda

Hindistonning Dehli shahridagi Jamiya Milliya Islomiya (JMI) universitetida o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha to‘rt yillik bakalavriat dasturi ishga tushirilmoqda.
1920-yilda tashkil etilgan JMI universiteti reytinglarga ko‘ra, mamlakatning eng yaxshi 3 ta oliy o‘quv yurti qatoriga kiradi. Universitetda 2004-yildan buyon O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida o‘zbek tili kurslari faoliyat yuritib kelgan. Biroq shu vaqtga qadar talabalar faqat bir yillik sertifikat va diplom dasturlarida o‘qish imkoniyatiga ega edi.
Audi va SAIC hamkorligida yangi sportkar yaratilmoqda
Audi va SAIC Motor hamkorligidagi subbrend yangi elektr sportkar konseptini namoyish etdi. Dizayner Theottle tomonidan tayyorlangan renderlar afsonaviy TT modelining zamonaviy talqinini ko‘rsatdi.

AUDI brendi Xitoyning mahalliy bozoriga moslashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, u an’anaviy to‘rtta halqa logotipidan voz kechgan. Yangi konsept E5 Sportback dizayn elementlarini o‘zida aks ettiradi va gorizontal yoritish tizimi bilan jihozlangan. Avtomobilning orqa qismi 1998-yilda taqdim etilgan ilk TT modellariga xos shaffof lyuk dizaynini eslatadi.
Microsoft va SpaceX o‘zaro hamkorlik qiladi

Microsoft kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab internet qamrovini oshirish maqsadida SpaceX’ning Starlink sun’iy yo‘ldosh xizmati bilan hamkorlikni e’lon qildi. Microsoft barqarorlik masalalari bo‘yicha bosh direktori Melani Nakagavaning ma’lum qilishicha, loyihaning dastlabki bosqichida Keniyadagi internet provayderi bilan hamkorlikda 450 ta jamoat markazi tarmoqqa ulanadi. Bu qadam SpaceX uchun yangi talab darajalarini shakllantirishi kutilmoqda. Maskning koinot kompaniyasi joriy yilda IPO‘ga aylanishi ehtimoli mavjud.
Mazkur hamkorlik Ilon Mask va Microsoft o‘rtasidagi murakkab munosabatlar fonida yuz bermoqda. Ayni vaqtda Mask Microsoft tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan OpenAI kompaniyasi va uning rahbari Sem Altmanga qarshi sud jarayonini olib bormoqda. Da’voda notijorat fonddan $134 mlrdgacha mablag‘ni undirish talab qilingan.
Instagram o‘zining TV ilovasini ishga tushirdi

Instagram platformasi o‘zining TV ilovasini AQShdagi Google TV qurilmalarida ishga tushirdi. Bu haqda Tech Crunch nashri xabar berdi. Ilova foydalanuvchilarga Reels videolari va Instagramdagi postlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri televizorda ko‘rish imkoniyatini taqdim etadi. Bu orqali Instagram YouTube bilan raqobatni kuchaytirishni maqsad qilmoqda. Instagram TV ilovasini mobil ilovaga bog‘lagan holda beshtagacha hisob qo‘shish yoki televizorda ko‘rish uchun yangi hisob yaratishlari mumkin.
AQSh O‘zbekiston fuqarosini Rossiyaga aloqador sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

AQSh O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Mamashoyevni Rossiyaga aloqador sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ma’lum qildi. Yangilangan ro‘yxatga to‘rt nafar jismoniy shaxs va uchta kompaniya kiritilgan.
AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Azizjon Mamashoyev rossiyalik xakerlar Sergey Zelenyuk va Oleg Kucherov bilan birgalikda AQSh kiberxavfsizligiga qarshi operatsiyalarda ishtirok etgan. Ular dasturiy ta’minotdagi zaifliklar savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinmoqda.
YChL: «Budyo-Glimt» sensatsiyasi, «Atletiko» va «Nyukasl»dan ishonchli g‘alaba

Yevropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichida javob uchrashuvlari o‘tkazildi va to‘rtta jamoa nimchorak final masalasini hal qildi. Norvegiyaning «Budyo-Glimt», Angliyaning «Nyukasl», Germaniyaning «Bayer» hamda Ispaniyaning «Atletiko» klublari keyingi bosqichga yo‘l oldi.