Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi loyihalari uchun 100 mlrd so‘mlik venchur kompaniya tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotidan
Qishloq xo‘jaligi loyihalari uchun 100 mlrd so‘mlik venchur kompaniya tashkil etiladi
Foto: depositphotos

Qishloq xo‘jaligi loyihalari uchun 100 mlrd so‘mlik venchur kompaniya tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.

Unda davlat rahbari yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun «Aloqabank» va «Milliy bank»ka qo‘shimcha $200 mln ajratilishini ma’lum qildi. Ushbu ikki bank yoshlar bilan ishlash bo‘yicha asosiy mas’ul etib belgilandi.

Barcha banklarning 30 foiz xodimi faqat yoshlar loyihalari va ularning bandligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Hokimlar va banklar hamkorlikda yoshlar bilan ishlash tizimini kuchaytiradi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/video_2026-02-25_15-32-32.mp4
Video: prezident matbuot xizmati

«Agrobank» yangi venchur kompaniya ochib, dastlab 100 mlrd so‘m ajratdi. Bunda mablag‘lar aqlli issiqxona, aqlli fermer xo‘jaligi, kasalliklarni erta aniqlash va innovatsion texnikalar ishlab chiqarish kabi startaplarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlar loyihalari uchun ajratiladigan kredit hajmi 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha ko‘paytiriladi. Innovatsion startaplarga $100 minggacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi.

Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlar bilan hamkorlikda franshiza asosida filial ochmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun ham qulay moliyalashtirish paketi ishlab chiqiladi. Bu tizim ikki hafta ichida joriy etilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash va sohaga raqamli yechimlarni jadallik bilan joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgandi. Unda chorvachilik va mevachilikda sun’iy intellekt asosidagi pilot loyihalar amalga oshirilishi hamda qishloq xo‘jaligi startaplarini moliyalashtirish uchun yangi venchur kompaniya tashkil etilishi belgilangandi.