Yangiliklar

Samsung buklanuvchi smartfonlar uchun qanday funksiyalar qo‘shmoqda

«Yot jismlarni aniqlash» xususiyati qurilma orasiga jism tushganda foydalanuvchini ogohlantiradi
Foto: Samsung.com

Samsung kompaniyasi kelgusi avlod buklanuvchi smartfonlari ekranini shikastlanishdan saqlash maqsadida maxsus tizim ustida ishlamoqda. Yangilanish qurilma to‘liq yopilmagan holatlarda ishga tushib, xavf haqida bildirishnoma yuboradi.

«Yot jismlarni aniqlash» funksiyasi hali rasman taqdim etilmagan One UI 9 tizimi kodlarida aniqlangan. Dastur matniga ko‘ra, agar smartfon qandaydir to‘siq sababli to‘liq yopilmasa, tizim ekranga zarar yetkazmaslik uchun uni qayta ochishni va yot moddalarni tozalashni so‘raydi. Zarurat tug‘ilganda, foydalanuvchilar ushbu ogohlantirishni sozlamalar orqali o‘chirib qo‘yishi mumkin bo‘ladi.

Foto: 4pda.to

Sizdirilgan ma’lumotlar orasida 2026-yilda chiqishi kutilayotgan uchta yangi modelning grafik tasvirlari ham mavjud. Ular Galaxy Z Fold 8, Galaxy Z Flip 8 hamda yangi, kengroq formatdagi Galaxy Z Fold Wide smartfonlaridir.

Mutaxassislarning fikricha, grafikadagi yangi qurilmalarning burchaklari avvalgilariga nisbatan ancha silliqlashgan. Biroq bu yakuniy dizaynmi yoki shunchaki xomaki chizmami, hozircha aniq emas.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung smartfon obuna dasturiga yangi imtiyozlar qo‘shgani haqida xabar bergan edi.