Yangiliklar

Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudi sobiq hokim va uning xodimiga nisbatan hukm o‘qidi
Джизак
Foto: Eurasia.Travel

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi va hokimlik bosh mutaxassisi korrupsiya hamda talon-toroj qilish jinoyatlarida aybdor deb topildi. Sud hukmiga ko‘ra, sobiq hokim 11 yilga, bosh mutaxassis esa 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining hukmiga ko‘ra, 1971-yilda tug‘ilgan sobiq hokim o‘zlashtirish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, pora olish va yer berish tartibini buzish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida jarima va 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga, hokimlikning qurilish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq bosh mutaxassisi pora olish jinoyatida ishtirok etganlikda aybdor deb topilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Har ikki sudlanuvchi tegishli ravishda 3 va 2 yil muddatga hokimiyat hamda davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani o‘rtasida Yangi Jizzax shahri barpo etilishi haqida xabar bergan edi.