Yangiliklar

Toshkent shahri va atrofidagi yashil hududlar 25 ming gektarga yetkaziladi

Yashil hudud uch baravarga oshiriladi
Toshkent shahri va atrofidagi yashil hududlar 25 ming gektarga yetkaziladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aholi o‘sishi va infratuzilma yuklamasi

So‘nggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti va aglomeratsiyasi jadal rivojlanmoqda. Hozirda Toshkent shahrining doimiy aholisi 3,1 mln nafardan oshgan. Prognozlarga ko‘ra, 2045-yilga borib bu ko‘rsatkich ikki barobardan ziyodga ortadi. Shu bois urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy qurilishi, transport-logistika tizimi, muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilmaga tushayotgan yuklamaga mutanosib ravishda rivojlantirish zarur.

Yashil hududlarni kengaytirish rejalari

Shahar muhitini sog‘lomlashtirish va turmush sifatini oshirish maqsadida yashil zonalarni kengaytirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Toshkent shahri va uning atrofida yashil hududlar maydonini uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘paytirish maqsad qilingan.

Foto: President.uz

Qurilish loyihalarini ko‘rib chiqish natijalari

Tashabbuskorlar tomonidan umumiy maydoni 2 ming 679 gektar bo‘lgan 85 ta loyiha taklif etilgan. Ular yagona shaharsozlik yondashuvi asosida kompleks o‘rganildi. Har bir hududning kamida 30 foizida yashil maydon tashkil etish, renovatsiya asosida eskirgan hududlarni yangilash hamda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilish amaliyotidan voz kechish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 tasini ayrim o‘zgartirishlar bilan maqbullashtirish, 54 tasini esa konseptual jihatdan qayta ishlab chiqish zarur deb topildi.

Sanoat zonasi va ishlab chiqarishni ko‘chirish

Yangihayot tumanidagi «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasini kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Ushbu tashabbus doirasida shahar markazidan yirik sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich ko‘chirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va ekologiya talablariga javob beradigan ishlab chiqarishlarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari

Ma’qullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida har yili qo‘shimcha $1,5 mlrd yalpi hududiy mahsulot yaratilishi, budjetga 3,5 trln so‘m tushum tushishi hamda 260 mingta ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda.

Foto: President.uz

Yangi jamoat bog‘lari va infratuzilma mablag‘lari

Loyihalarning kamida 30 foizida, ya’ni 400 gektar maydonda yashil hududlar barpo etilishi belgilandi. Shuningdek, Toshkent shahrining 9 ta hududida umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan yangi jamoat bog‘larini tashkil etish rejalari ma’qullandi.

Infratuzilma to‘lovlaridan tushadigan mablag‘lar, avvalo, yangi yashil hududlarni barpo etishga, qolgan qismi esa shahar infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Belarus Bosh vazirini qabul qilgan edi.