
Xiaomi kompaniyasi Xitoydagi yirik avto OAV bo‘lgan AutoReport ustidan tuhmat bo‘yicha sudda g‘alaba qozondi. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, AutoReport turli onlayn platformalardagi akkauntlari orqali yetarli tekshiruvsiz, noto‘g‘ri va haqoratli ma’lumotlar tarqatgan. Bu esa Xiaomi’ning obro‘-e’tibori va brend imijiga zarar yetkazgan deb topildi.
Qarorga muvofiq, AutoReport bahsli materiallarni o‘chirishi, ommaviy ravishda uzr so‘rashi hamda Xiaomi’ga $726 ming dollar miqdorida tovon puli to‘lashi shart.
Xiaomi sud qaroridan so‘ng bergan bayonotida tanqid va takliflarni qabul qilishini, biroq yolg‘on axborot va tuhmatlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishini ta’kidladi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, AutoReport Yiche.com saytiga aloqador. Yiche.com 2000-yilda Nio asoschisi Uilyam Li tomonidan tashkil etilgan. Xiaomi rahbari Ley Jun esa Nio’ning dastlabki investorlaridan biri bo‘lgan.
Mazkur sud ishiga sabab bo‘lgan aniq maqolalar hozircha oshkor qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei Maextro brendi ham tuhmat ishi bo‘yicha sudda g‘alaba qozongandi. Sud qaroriga ko‘ra, bloger kompaniyaga $43,4 ming miqdorida tovon to‘laydi. Mojaro 2025-yil boshida boshlangan.