Avto

Xitoy avtomobillari ikki yilda 36 foizgacha qadrsizlandi — tadqiqot

Tahlil birlamchi va ikkilamchi bozor ma’lumotlariga asoslangan
Xitoy avtomobillari ikki yilda 36 foizgacha qadrsizlanmoqda
Foto: shutterstock

Qozog‘istonda Xitoy avtomobillari ikki yilda 36 foizga qadrsizlangani aytildi. Bu haqda Kolesa.kz nashriga tayanib Kursiv Qozog‘iston ma’lum qildi.

Tahlil birlamchi va ikkilamchi bozor ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib, platformadagi e’lonlar hamda Qozog‘iston avtomobil ittifoqi statistikasi inobatga olingan. Tadqiqotda avtomobillarning ishonchliligi emas, narx dinamikasi va bozor xulqi o‘rganilgan.

Eng katta pasayish Chery Tiggo 7 Pro Max modelida qayd etilgan. Ushbu avtomobil ikki yil ichida o‘rtacha 36 foizgacha qiymatini yo‘qotgan. Hatto birinchi yilning o‘zidayoq model qiymatining chorak qismidan ko‘prog‘ini yo‘qotadi. Shu bilan birga, brendning boshqa modellari ancha yumshoqroq pasayish ko‘rsatgan.

Foto: shutterstock

Jadval:

Model (2023-yil)1-yilda qiymat yo‘qotish2-yilda jami qiymat yo‘qotish
Changan CS55 Plus 1.5-22,9%-28,6%
Jetour X70 Plus 1.6T-13,9%-19%
Chery Tiggo 7 Pro Max 1.6-26,1%-36%
Chery Tiggo 4 Pro Premium 1.5-26,1%-30,6%
Chery Tiggo 2 Pro Premium 1.5-15,4%-22,1%
Haval H6 4WD 2.0-23%-28,1%
Kia Sportage 4WD 2.5-10,3%-15,4%
Hyundai Tucson 4WD 2.5-7,3%-11,2%
Toyota Camry 2.5-15%-15,2%
Chevrolet Cobalt 1.5-10,3%-16,6%

Mutaxassislar fikricha, Xitoy avtomobillari narxining tezroq tushishiga bir necha omil sabab bo‘lmoqda. Brendlar model qatorini tez-tez yangilaydi, dilerlar esa yil davomida narxlarni qayta ko‘rib chiqadi. Agar yangi avtomobil dastlab qimmatroq narxda chiqib, keyinchalik arzonlashsa, bu ikkilamchi bozorga ham ta’sir qiladi.

Shuningdek, Xitoy avtomobillari endigina ommaviy ravishda ikkilamchi bozorga chiqa boshlagan. Takliflar ko‘paygani sari narx raqobati kuchayadi.

Ayrim modellar an’anaviy brendlarga qaraganda tezroq qadrsizlanmoqda. Yakuniy xulosalar chiqarish uchun esa bozorda yana ko‘proq vaqt va statistika zarurligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Opel 900 mingdan ortiq avtomobilni chaqirib olayotgani haqida yozgan edi.