
Xitoyning Xpeng Motors kompaniyasi 2026-yilgi X9 to‘liq elektr MPV modeli 2-mart kuni rasman sotuvga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.
Kompaniya yangi avtomobilni dunyodagi eng uzoq masofani bosib o‘ta oladigan sof elektr yetti o‘rindiqli model sifatida taqdim etmoqda.

Unga ko‘ra, avtomobil CLTC standarti bo‘yicha 750 kilometrgacha masofa bosib o‘tadi, 100 kilometrga o‘rtacha 15,9 kVt/soat energiya sarflaydi va barcha komplektatsiyalarda 5C tezkor quvvatlash tizimi bilan jihozlanadi. Salon qismi transformatsiyalanuvchi bo‘lib, o‘rindiqlar 4, 5, 6 yoki 7 o‘rinli joylashuvga moslashtiriladi. Zero gravity o‘rindiqlar 180 darajagacha yotqiziladi, markaziy yo‘lak kengligi esa 180 millimetrni tashkil etadi.

Texnik jihatdan model faol orqa g‘ildirak boshqaruvi bilan ta’minlangan bo‘lib, minimal burilish radiusi 5,4 metrni tashkil qiladi. Shuningdek, aqlli pnevmoosma tizimi va shina yorilganda barqaror harakatni saqlash tizimi mavjud. Intellektual boshqaruv qismida Turing chipi qo‘llanilgan bo‘lib, hisoblash quvvati 2250 TOPSga yetadi, avtomatik favqulodda tormozlash tizimi esa 130 km/soat tezlikkacha ishlay oladi.

Ma’lumot uchun, X9 Super Range Extender gibrid versiyasi narxi Xitoy bozorida taxminan $43 ming – $46 mingga teng. Yangi 2026-yilgi to‘liq elektr X9 narxi 2-mart kungi rasmiy taqdimotda e’lon qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xpeng uchuvchi dronli miniven ishlab chiqarmoqchi ekani haqida yozgandi.