
Yevropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichida javob uchrashuvlari o‘tkazildi va to‘rtta jamoa nimchorak final masalasini hal qildi. Norvegiyaning «Budyo-Glimt», Angliyaning «Nyukasl», Germaniyaning «Bayer» hamda Ispaniyaning «Atletiko» klublari keyingi bosqichga yo‘l oldi.
«Inter» — «Budyo-Glimt» 1:2 (2:5)

Norvegiyaning «Budyo-Glimt» jamoasi Milanda o‘tkazilgan uchrashuvda Italiyaning «Inter» klubini 2:1 hisobida mag‘lub etib, umumiy 5:2 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvda Yens Petter Xauge va Xakon Evyen norvegiyaliklarning gollariga mualliflik qildi. 76-daqiqada Bastoni oradagi farqni bittaga qisqartirdi. Natijada jamoa o‘z tarixida ilk bor Chempionlar ligasining 1/8 finaliga yo‘llanma oldi.
«Budyo-Glimt» bosh murabbiyi Kyetil Knutsen bu voqeani Norvegiya futboli uchun tarixiy lahza deb atadi.

«Klub va shahar uchun bu ishonib bo‘lmaydigan natija, ko‘pchilik bizning «Manchester Siti», «Atletiko» va «Inter»ni ikki marta mag‘lub etishimizga ishonmagan edi», — dedi jamoa sardori Patrik Berg.
«Nyukasl» — «Qorabog‘» 3:2 (9:3)

Angliyaning «Nyukasl» klubi o‘z maydonida Ozarbayjonning «Qorabog‘» jamoasini qabul qilib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvning 4-daqiqasida Sandro Tonali va 6-daqiqasida Joelinton inglizlarni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda Kamilo Duran ozarbayjonliklarning dastlabki golini urdi, ammo 52-daqiqada Sven Botman bosh bilan zarba yo‘llab, farqni tikladi.

Uchrashuvning 57-daqiqasida Elvin Jafarguliyev «Qorabog‘»ning ikkinchi golini kiritib, hisobni qisqartirdi. Umumiy 9:3 hisobida yirik g‘alabaga erishgan «Nyukasl» nimchorak finalda «Barselona» yoki «Chelsi»ga qarshi maydonga tushadi.
«Bayer» — «Olimpiakos» 0:0 (2:0)

Germaniyaning «Bayer» jamoasi o‘z maydonida Gretsiyaning «Olimpiakos» klubi bilan nursiz durang o‘ynadi (0:0). Dastlabki uchrashuvda Patrik Shikning gollari evaziga 2:0 hisobida zafar quchgan nemis klubi umumiy natijaga ko‘ra keyingi bosqich masalasini xotirjam hal qildi.
Uchrashuv davomida «Bayer» to‘liq ustunlik qildi va Alexandro Grimaldo yo‘llagan to‘p darvoza to‘siniga tegdi. Shu tariqa, Leverkuzen klubi 2016-2017-yilgi mavsumdan beri ilk bor turnirning 1/8 finaliga yo‘l oldi va keyingi bosqichda «Arsenal» yoki «Bavariya» bilan to‘qnash keladi.
«Atletiko» — «Bryugge» 4:1 (7:4)

Ispaniyaning «Atletiko» klubi Madridda Belgiyaning «Bryugge» jamoasini 4:1 hisobida yengdi. Uchrashuv qahramoni Aleksandr Syorlot bo‘ldi va u o‘zining Chempionlar ligasidagi ilk het-trigini rasmiylashtirdi. Dastlabki bo‘lim 1:1 hisobida yakunlangan edi.
Mehmonlar safida Joel Ordonez 36-daqiqada muvozanatni tiklagan bo‘lsa-da, 48-daqiqada Jonni Kardozo madridliklarni yana oldinga olib chiqdi. Umumiy 7:4 hisobida ishonchli g‘alaba qozongan Diyego Simeone shogirdlari keyingi bosqichda «Liverpul» yoki «Tottenxem»ga qarshi bahs olib boradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Budyo-Glimt» kutilmaganda A Seriya grantini tiz cho‘ktirgani haqida xabar bergan edi.