Avto

6 ming dollarlik Wuling Hongguang Mini elektromobili taqdim etildi

Yangilangan versiya besh eshikli kuzovga ega
Yangilangan Wuling Hongguang Mini elektromobili taqdim etildi
Kollaj: CarNewsChina

Xitoyda yangilangan Wuling Hongguang Mini elektromobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Shahar uchun mo‘ljallangan ixcham elektromobil tez orada ichki bozorda sotuvga chiqadi. Model ilk bor 2020-yilda SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi tomonidan taqdim etilgan edi. 2022-yilda u Xitoyda eng ko‘p sotilgan avtomobilga aylangan.

Yangilangan versiya besh eshikli kuzovga ega. Old qismida dumaloq faralar va ular orasini bog‘lovchi LED chiziq qo‘llanilgan. Dizayni Geely Panda Mini’ning yangilangan talqinini eslatadi.

Foto: Wuling

Avtomobil o‘lchamlari 3268 x 1520 x 1575 mm, g‘ildirak bazasi 2190 mm. Yangi variant oldingisiga nisbatan biroz kattaroq. Uchta kuzov rangi taklif etiladi: kulrang, yashil va bej. Qiziq tomoni, klassik oq va qora ranglar ro‘yxatda yo‘q.

Shuningdek, ikki eshikli varianti uchun ham savdo litsenziyasi olinmoqda. Uning o‘lchamlari kichikroq. Har ikki talqinda orqa o‘qdagi 30 kVt quvvatli elektromotor o‘rnatilgan. Batareya sig‘imi va yurish masofasi haqida ma’lumot hozircha ochiqlanmadi. Salon to‘rt o‘rindiqli qilib ishlangan.

Foto: Wuling

Kutilishicha, yangilangan Mini EV narxi amaldagi model darajasida qoladi. Ya’ni besh eshikli versiya 44 ming–50 ming yuan (taxminan $6,5 ming–$7,4 ming) oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Wuling yangi Xingguang 560 krossoverini taqdim etishi haqida yozgan edi.