Yangiliklar

Amerika Venesuela neftini Kubaning xususiy sektoriga sotishni rejalashtirmoqda

Biroq yetkazib berishlar davlat tuzilmalari va harbiy tizimlarni chetlab o‘tishi shart
Foto: Getty Images

AQSh ma’muriyati Venesueladan olinadigan neftni Kuba hududida xususiy sektor ehtiyojlari uchun qayta sotishi mumkin. Biroq yetkazib berishlar davlat tuzilmalari va harbiy tizimlarni chetlab o‘tishi shart. Bu haqda Miami Herald nashri xabar berdi.

25-fevral kuni AQSh Moliya vazirligi tarkibidagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi ko‘rsatmalarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Venesuela neftini Kubaga yo‘naltirish bo‘yicha berilgan litsenziya arizalari, agar ular xususiy tadbirkorlik yoki gumanitar maqsadlarni ko‘zlasa, ijobiy ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, AQSh Savdo vazirligi aniqlik kiritishicha, mahsulot xususiy biznes faoliyati yoki fuqarolarning shaxsiy iste’moli uchun yetkazib berilishi mumkin. Davlat organlari yoki harbiy tuzilmalarga sotuvlar esa qat’iyan man etiladi. Sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan va harbiylar nazoratidagi mehmonxonalarga xizmat qiluvchi bitimlarga ham ruxsat berilmaydi.

Mazkur qaror Donald Tramp ma’muriyati Venesuela neftining Kuba hukumatiga bevosita yetkazilishini cheklab turgan bir paytda qabul qilindi. Natijada murakkab vaziyat yuzaga kelmoqda: bir tomondan rasmiy Gavanaga bosim saqlanib qolmoqda, ikkinchi tomondan esa oroldagi xususiy sektor va aholi ehtiyojlari uchun energiya oqimi qisman ochilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Grenlandiya, Kanada va Venesuelani AQSh shtati qilish haqida aytganini yozgandi.