Baliqchi tumanida yuk mashinasi urib yuborgan 9 yoshli bola vafot etdi

Andijon viloyati Baliqchi tumanida «Zil 130» yuk mashinasi piyodalar o‘tish joyidan yugurib chiqqan 2017-yilda tug‘ilgan bolani urib yubordi. Jabrlanuvchi shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay vafot etgan. Bu haqda viloyat YHXB xabar bermoqda.
Hodisa 2026-yil 24-fevral kuni soat 15:56 larda Farg‘ona halqa yo‘lining 103-kilometrida sodir bo‘lgan. 2002-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi yuk mashinasi piyodani urib yuborgach, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan Cobalt avtomobiliga borib urilgan.
Mazkur holat yuzasidan Baliqchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda voqea yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda Chery krossoveri Malibu’ning ustiga chiqib ketgani haqida xabar bergan edi.