Yangiliklar

Bill Geyts Epshteyn bilan aloqalari uchun uzr so‘radi

Geytsning aytishicha, u ikki nafar rossiyalik ayol bilan munosabatda bo‘lgan
Foto: Getty Images

Amerikalik tadbirkor, Microsoft hammuassisi Bill Geyts Jeffrey Epshteyn bilan aloqalari uchun uzr so‘radi va turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilganini tan oldi. Bu haqda The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Geytsning aytishicha, u ikki nafar rossiyalik ayol bilan munosabatda bo‘lgan. Ularning biri bilan brij turnirida tanishgan, ikkinchisi esa fizik bo‘lib, ish jarayonida uchrashgan. Tadbirkor ta’kidlashicha, bu ayollar Epshteyn jinoyatlariga aloqador bo‘lmagan.

«Men noqonuniy ish qilmaganman va noqonuniy holatlarni ko‘rmaganman», – deya bildirgan Geyts.

Shu bilan birga, u Epshteyn bilan vaqt o‘tkazgani va Bill & Melinda Gates Foundation rahbarlarini ham u bilan uchrashuvlarga taklif qilgani katta xato bo‘lganini tan oldi.

Ma’lum qilinishicha, Geyts Epshteyn bilan 2011-yildan boshlab bir necha bor uchrashgan. Bu Epshteyn 2008-yilda voyaga yetmagan shaxsni fohishalikka jalb etish aybi bo‘yicha aybini tan olganidan keyingi davrga to‘g‘ri keladi. Geyts sobiq rafiqasi Melinda French Geyts 2013-yildayoq Epshteyn bilan aloqalardan xavotir bildirganini ham tasdiqladi.

Tadbirkor Epshteyn bilan xususiy samolyotda parvoz qilganini, Germaniya, Fransiya, Nyu-York va Vashingtonda uchrashganini aytdi, biroq uning oroliga bormaganini ta’kidladi.

Avvalroq Epshteyn ishi bo‘yicha e’lon qilingan hujjatlarda Geyts nomi uchragani, shuningdek, ayrim fotosuratlar paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Geytsning so‘zlariga ko‘ra, bu suratlar Epshteyn iltimosiga ko‘ra olingan.

Bill Geyts o‘z xatolari Bill & Melinda Gates Foundation obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatganidan afsusda ekanini bildirgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Epshteyn Geytsning shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlardan bosim vositasi sifatida foydalanishga uringan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp moliyachi Epshteynning shaxsiy samolyotida kamida 8 marta uchgani aniqlangani haqida yozgandi.