
Buxoro viloyatida voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot kotibi Dilnoza Yusupova «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 27-noyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi ochilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxs protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bolalar ombudsmani mazkur holat voyaga yetmaganga nisbatan sodir etilgani hamda bolaning sha’ni va qadr-qimmatiga daxldorligi sababli voqea tafsilotlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritmaslik zarurligini eslatdi. Bunday ma’lumotlarning tarqatilishi bolaning manfaatlariga zid bo‘lishi mumkin.
Bolalar ombudsmani vakolati doirasida bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi yuzasidan kuzatuvni davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Feruza Eshmatova Ombudsman lavozimiga saylangani haqida yozgan edi.