Epshteyn hujjatlarida tilga olingan Jahon iqtisodiy forumi rahbari iste’foga chiqdi

eʼlon qilindi
Uning iste’fosi AQSh Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan hujjatlarda ismi tilga olinganidan so‘ng yuz berdi
Foto: Global Look Press

Davosda joylashgan Jahon iqtisodiy forumi prezidenti va bosh direktori Byorge Brende lavozimini tark etganini e’lon qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Uning iste’fosi AQSh Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan hujjatlarda ismi tilga olinganidan so‘ng yuz berdi.

Rasmiy bayonotda Brende ketish qarorini aniq sabab bilan bog‘lamadi. U bu qaror chuqur o‘ylab ko‘rilganini ta’kidladi. Biroq avvalroq e’lon qilingan hujjatlarda uning moliyachi Jeffri Epshteyn bilan uchrashuvlari va yozishmalari qayd etilgani ma’lum bo‘lgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Brende Epshteyn bilan bir necha bor Nyu-Yorkdagi uyida kechki ovqatda uchrashgan. Sobiq rahbarning izoh berishicha, dastlabki uchrashuv norvegiyalik diplomat taklifiga ko‘ra bo‘lib o‘tgan, keyingi muloqotlar esa boshqa diplomat va biznes vakillari ishtirokida o‘tgan. Uning ta’kidlashicha, aloqalar bir necha elektron xat va SMS bilan cheklangan.

Forum rahbariyati vaqtincha boshqaruvni tashkilotning boshqaruvchi direktori Alois Tsvining zimmasiga yukladi.

AQSh tomoni Epshteyn ishi doirasidagi hujjatlarni bosqichma-bosqich oshkor qilmoqda. Ushbu materiallar e’lon qilinishi ortidan bir qator yuqori lavozimli shaxslar iste’foga chiqqani aytilmoqda. Jumladan, ilgari Epshteyn bilan aloqalari sababli Shahzoda Endryu ham qirollik unvonlaridan mahrum etilgandi.

Ma’lumot uchun, Jeffri Epshteyn 2008-yilda voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish bo‘yicha aybini tan olgan, 2019-yilda esa odam savdosi ayblovi bilan yana hibsga olingan edi. U sud qarorini kutayotgan paytda saqlash muassasasida vafot etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bill Geyts Epshteyn bilan aloqalari uchun uzr so‘ragani haqida yozgandi.

Shuningdek