Hyundai Ford Ranger va Toyota Tacoma’ga raqib tayyorlamoqda

26-fevral 2026 15:48 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Hyundai Ford Ranger va Toyota Tacoma’ga raqib tayyorlamoqda
Foto: Theootle

Hyundai o‘rta o‘lchamli yangi pikap ishlab chiqishini rasman tasdiqladi. Model bozorga 2028-yilda chiqishi rejalashtirilgan. U Ford Ranger va Toyota Tacoma bilan bir segmentda raqobatlashadi.

Yangi pikap imij modeli hisoblangan Hyundai Santa Cruzdan farqli ravishda, klassik rama konstruktsiyasiga ega bo‘ladi. Loyiha hozir faol ishlab chiqish bosqichida.

Avtomobil ustida AQSh va Avstraliya muhandislari ishlamoqda. Ishlab chiqarishni AQSh hududida yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Bu bojxona to‘siqlaridan qochish uchun strategik qadam bo‘lishi mumkin.

Hyundai faqat pikap bilan cheklanmaydi. Shu platforma asosida to‘liq rama konstruksiyali yo‘ltanlamas ham yaratiladi. Kompaniya bu model Kia Tasmanning nusxasi bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Hyundai mustaqil mahsulot tayyorlaydi.

Segmentga kirish oson bo‘lmaydi. Pikap egalari orasida brendga sadoqat yuqori. Masalan, Toyota Tacoma AQSh bozorida qariyb 42 foiz ulushga ega.

Shu bilan birga, Hyundai Motor Group kengayishni rejalashtirmoqda. Kelajakda Kia ham ramali modellarning o‘z versiyalarini taqdim etishi mumkin. Premium bo‘linma Genesis esa Land Rover Defenderga raqobatchi bo‘ladigan lyuks yo‘ltanlamas ustida ishlamoqda.

Agar reja amalga oshsa, 2028-yilga borib Hyundai krossover ishlab chiqaruvchidan haqiqiy yo‘ltanlamas va pikap segmenti o‘yinchisiga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet va Hyundai yangi pikapini qayerda ishlab chiqarishi haqida yozgan edi.

Shuningdek