Yangiliklar

Mirziyoyev telefon orqali Erdo‘g‘anni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Davlat rahbarlari qator masalalarni muhokama qildilar
Mirziyoyev telefon orqali Erdo‘g‘anni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 26-fevral kuni telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston yetakchisi turkiyalik hamkasbining tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, farovonlik va davlat boshqaruvida katta muvaffaqiyatlar tiladi. Shu bilan birga, u qardosh turk xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilashini bildirdi.

Prezidentlar butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyini ham bir-birlariga tabrikladilar.

Telefon orqali muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ushbu munosabatlar joriy yil yanvar oyida Anqara shahrida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida rivojlantirilmoqda.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi natijalari ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi. Shuningdek, ishlab chiqilgan «yo‘l xaritalari» asosida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Surxondaryoda harbiy qism va yangi etnoshaharchani ko‘zdan kechirgan edi.