
1-apreldan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarga yonilg‘i quyish uchun to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Bu haqda prezident farmonida keltirilgan.
Endilikda benzin, gaz yoki elektromobillar uchun quvvatlash xizmatlari uchun hisob-kitobni bank kartasi, to‘lov ilovalari yoki yagona QR-kod orqali to‘lash mumkin bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqd pul qabul qilinmaydi. Cheklovlar faqat yonilg‘iga emas, balki AYOQSh hududida sotiladigan boshqa mahsulotlarga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, 25 mln so‘mdan ortiq yirik xaridlar ham faqat naqdsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangan.
Mamlakat banklari aholiga qulaylik yaratish maqsadida axborot kampaniyasini boshlab yuborgan. Unda yangi to‘lov tartiblari, karta va mobil ilovalardan foydalanish imkoniyatlari haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AYOQShlarda benzin sifatini tekshiruvchi uskunalar o‘rnatilishi haqida yozgandi.