Yangiliklar

O‘zbekistonliklar 28-fevral kuni sayyoralar paradini kuzatishi mumkin

Ushbu hodisada Merkuriy, Venera, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun bir vaqtning o‘zida osmonning bir qismida jamlanadi
Foto: Fanlar akademiyasi

28-fevral kuni O‘zbekiston osmonida oltita sayyoradan iborat paradni kuzatish mumkin bo‘ladi. Ushbu hodisada Merkuriy, Venera, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun bir vaqtning o‘zida osmonning bir qismida jamlanadi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, sayyoralar Quyosh botgandan keyin ufq ustida paydo bo‘ladi va ularni mamlakatimizning barcha hududlaridan kuzatish mumkin. Sayyoralar osmonning janubi-g‘arbiy qismida, ufqqa yaqin joylashadi va osmon sferasining qariyb chorak qismini egallaydi.

Paradda ishtirok etayotgan oltita sayyoradan to‘rttasini – Merkuriy, Venera, Yupiter va Saturnni oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin. Uran va Neptun esa xira ko‘rinishi sababli teleskop yoki binokl orqali kuzatiladi.

Ma’lumot uchun, sayyoralar paradi – bu ikki yoki undan ortiq sayyoralar osmon gumbazida bir chiziqqa yaqin joylashadigan noyob astronomik hodisa. To‘rttagacha sayyora ishtirok etadigan holat kichik parad deyiladi va u deyarli har yili sodir bo‘lishi mumkin. Besh yoki undan ortiq sayyora yaqinlashuvi esa katta parad hisoblanadi va o‘rtacha 18 – 20 yilda bir marta kuzatiladi. Sakkizta sayyora bir safga kelishi esa yanada noyob hodisa bo‘lib, taxminan 170 yilda bir marta yuz beradi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda birinchi milliy sun’iy yo‘ldosh qachon uchirilishi haqida yozgandi.