O‘zbekistonning birinchi kosmonavti kim bo‘ladi

eʼlon qilindi
"O'zbekkosmos" agentligi matbuot kotibi savolga javob berdi
O’zbekistonning birinchi kosmonavti kim bo’ladi / Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekiston anchadan buyon kosmosga parvoz dasturi ustida ish olib bormoqda. Shunday ekan, O‘zbekistonning ilk kosmonavti kim bo‘lishi barchaga qiziq. «O‘zbekkosmos» agentligi matbuot kotibi ushbu savolga javob berdi.

«Ochig‘ini aytsam, kosmos genderga qaramaydi. U yerda eng muhimi — bilim, sog‘liq, metin iroda va temir intizom. Shuning uchun, birinchi kosmonavtimiz ayol bo‘ladimi yoki erkak, buni vaqt va tanlov natijalari ko‘rsatadi. Biz uchun asosiy mezon — professional tayyorgarlik, psixologik barqarorlik va ilmiy salohiyat. Eng muhimi — bu tarixiy parvoz butun xalqimizniki bo‘ladi», — deydi agentlik matbuot kotibi Akmal Nazarov.

Oldinroq Shavkat Mirziyoyevga mamlakatda sun’iy yo‘ldoshlar uchirish va milliy fazogirlarni tayyorlash bo‘yicha axborot berilgan edi. Unda 2028-yilda Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirish taklif qilingandi.

Taqdimot davomida ilk kosmonavt 10 – 14 kunlik qisqa muddatli kosmik parvozga tayyorlanashi va bu borada xalqaro hamkorlik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilishi qayd etilgan.

Hozircha rasmiy nomzodlar e’lon qilinmagan. O‘zbekistonda kosmonavt tayyorlash dasturi qanday bosqichlardan iboratligi va tayyorgarlik jarayoni qanday ketayotgani haqida ham ma’lumot mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2028-yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro astronavtika kongressiga dunyoning yetakchi kosmik kompaniyalari rahbarlari bo‘lmish Ilon Mask va Jeff Bezos taklif qilingani haqida yozgan edik.

Shuningdek