Sport

O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi raqibi o‘zgarishi mumkin

Nigeriya futbol federatsiyasi Kongo DR ustidan FIFAga shikoyat kiritdi
Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasining «JCh — 2026» guruh bosqichidagi ehtimoliy raqibi o‘zgarishi mumkin. Bunga Nigeriya futbol federatsiyasining pley-off bahsidagi raqibi Kongo DR ustidan FIFAga kiritgan shikoyati sabab bo‘lmoqda.

Nigeriya tomoni kongoliklar tarkibida maydonga tushish huquqiga ega bo‘lmagan futbolchilar o‘ynaganini da’vo qilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Kongo terma jamoasining ayrim a’zolari Yevropa davlatlari pasportiga ega. Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, ular Yevropa pasportini olishi bilan avtomatik ravishda Kongo fuqaroligini yo‘qotgan hisoblanadi.

Foto: DR Kongo terma jamoas

Bu holat Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston terma jamoasining mundialdagi ishtirokiga bevosita ta’sir qiladi. Qit’alararo pley-off g‘olibi (Yamayka, Yangi Kaledoniya hamda Kongo DR yoki Nigeriya o‘rtasida) O‘zbekiston joy olgan «K» guruhiga tushishi belgilangan. Agar FIFA Nigeriya talabini qanoatlantirsa, o‘tish o‘yinida Kongo o‘rniga aynan Nigeriya maydonga tushadi.

Hozirda mazkur ish FIFA tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Nigeriya futbol federatsiyasi bosh kotibi Sanusi Muhammad ushbu holatni «ikki fuqarolik tuzog‘i» deb atadi va belgilangan tartib-qoidalar buzilganini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA Jahon kubogi O‘zbekistonga olib kelingani haqida xabar bergan edi.