Prezident Surxondaryoda harbiy qism va yangi etnoshaharchani ko‘zdan kechirdi — foto

eʼlon qilindi
Prezident u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi
Prezident Surxondaryoda harbiy qism va yangi etnoshaharchani ko‘zdan kechirdi / Foto: President.uz

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida harbiy qism hamda yangi turizm obyektlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat rahbari Surxondaryo viloyatida joylashgan harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, jangovar texnika va qurol-aslahalar, jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa vositalari bilan tanishdi. Qayd etilishicha, mamlakat mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar qo‘shinlarning jangovar salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Harbiy xizmatchilar tayyorgarligi uchun o‘quv binolari, yotoqxona, oshxona, ma’naviyat xonalari va sport inshootlari zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

Shuningdek, zamonaviy qurolli mojarolarda dronlar, sun’iy intellekt, robotlashgan texnika va ularga qarshi vositalarning ahamiyati ortib borayotgani ta’kidlandi. Shu asosda qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellektga asoslangan kibertuzilmalar hamda havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni rivojlantirish vazifalari belgilangan. Mas’ullarga Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Foto: President.uz

Tashrif doirasida prezident Termiz shahrida barpo etilgan etnoshaharchani ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu majmua Surxondaryo tarixi, hunarmandchiligi va an’anaviy san’atini namoyish etishga mo‘ljallangan zamonaviy madaniy maskan hisoblanadi. Loyiha 10 million dollarlik investitsiya asosida, 6 gektar maydonda amalga oshirilgan.

Etnoshaharchada tarixiy uslubdagi binolar, oilaviy mehmon uyi, do‘mbira ustaxonasi, baxshichilik ekspozitsiyasi, milliy taomlar restorani, bolalar maydonchasi va musiqiy favvoralar barpo etilgan. Majmua yiliga 180 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, 250 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Prezident etnoshaharchada yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, hunarmandlar bilan muloqot qildi hamda tashrif buyuruvchilar uchun tashkil etilgan madaniy dasturini tomosha qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda $7,1 mlrdlik 44 ta loyiha ishga tushirgan edi.

Shuningdek