Qirg‘izistonda yana qator amaldorlar lavozimidan ozod etildi

eʼlon qilindi
Sog‘liqni saqlash vaziri Kanibek Dosmambetov ham lavozimidan bo‘shatilgan
Qirg‘izistonda yuqori lavozimlardagi amaldorlar lavozimidan olindi
Foto: AKIPress

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bir qator yuqori lavozimdagi amaldorlarni vazifasidan ozod qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bosh vazir o‘rinbosari va suv resurslari, qishloq xo‘jaligi hamda qayta ishlash sanoati vaziri lavozimida ishlagan Baqit To‘robayev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Erlist Akurbekov tayinlangan. To‘robayevning ishdan olinish sabablari ochiqlanmagan.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri Kanibek Dosmambetov ham lavozimidan bo‘shatilgan. Uning o‘rniga Damirbek Osmonov vazir etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 10-fevral kuni prezident o‘zining uzoq yillik siyosiy ittifoqchisi, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari lavozimlarida ishlagan Qamchibek Tashiyevni ham vazifasidan ozod qilgan edi.

Ortidan milliy parlament spikeri Nurlanbek Turgunbek ulu iste’foga chiqdi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbarining barcha o‘rinbosarlari ham ishdan olindi.

Qarorlardan so‘ng Chegara xizmati mazkur qo‘mita tarkibidan chiqarildi va yuqori davlat amaldorlari xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi alohida Davlat qo‘riqlash xizmati tashkil etildi.

Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar, Tabiat resurslari va Transport vazirliklari rahbarlari ham lavozimidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qamchibek Tashiyev o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov nomzodi ma’qullangani haqida yozgan edi.

Shuningdek