
Qo‘qonda yuz bergan ko‘p qavatli uydagi portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda. Voqea joyida 2007-yilda tug‘ilgan fuqaro beton plita bosib qolishi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.
Xabar ortidan hodisa joyiga ichki ishlar organlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari yetib borgan. Yong‘in bartaraf etilgan va chaqnash sabablari aniqlanmoqda.
Vazir o‘rinbosari topshirig‘i bilan voqea joyida tergov-tezkor guruhi tuzildi. Mutasaddilarga hodisa joyini Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq hujjatlashtirish, daliliy ashyolarni olish va guvohlarni so‘roq qilish vazifalari yuklatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hududi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ish Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda yong‘in yuz bergani haqida yozgan edi.