Yangiliklar

Reddit 20 mln dollarga jarimaga tortildi

Platforma 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar ma’lumotlarini noqonuniy qayta ishlaganlikda ayblanmoqda
Foto: Kirill KUDRYAVTSEV / AFP via Getty Images

Buyuk Britaniyaning axborot nazorati organi Reddit ijtimoiy tarmog‘ini bolalarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalangani uchun 14,47 mln funt sterling ($19,5 mln) miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Xinhua xabar bermoqda.

O‘tkazgan tergov natijalariga ko‘ra, Reddit ishonchli yoshni tasdiqlash mexanizmini qo‘llamagan. Oqibatda platforma 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ma’lumotlarini qonuniy asoslarsiz qayta ishlagan. Bundan tashqari, kompaniya 2025-yil yanvariga qadar talab qilingan Ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha ta’sirni baholash ishlarini amalga oshirmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Buyuk Britaniyaning axborot komissari Jon Edvards kompaniyaning maxfiylik amaliyotini «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi. U Redditni qonuniy majburiyatlarini bajarmaganlikda va bolalarni zararli kontent xavfi ostida qoldirganlikda tanqid qildi.

Mazkur jarima qarori Buyuk Britaniya bolalar uchun ijtimoiy tarmoq cheklovlarini kuchaytirishni rejalashtirayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Jahon miqyosida ham hukumatlar ruhiy salomatlik, kiberbulling va zararli axborot xavfi sababli yoshga doir taqiqlar kiritishni tobora faolroq ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi qariyb 300 ta yangi sanksiyani e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.